Bekobod tumani

Bekobod tumani — Toshkent viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan (1962-yil 24-dekabrda Sirdaryo viloyati Yangiyer tumaniga qoʻshib yuborilgan, 1963-yil 17-aprelda kayta tuzilgan). Shimolida Toshkent viloyatining Boʻka tumani, gʻarbda Sirdaryo viloyati, sharq va janubida Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,76 ming km². Aholisi 127,7 ming kishi (2000). Bekobod tumanida 1 shaharcha (Zafar) va 12 qishloq kengashi (Bahoriston, Bekobod, Guliston, Dalvarzin, Jumabozor, Madaniyat, Mehnatobod, Oxunboboyev, Pushkin, Chanoq, Yangi hayot, Qiyot) bor. Markazi—Zafar shaharchasi. Tabiati. Tuman xududi Dalvarzin choʻli va qisman Mirzachoʻlda joylashgan. Eng sharqida yer yuzasi bir oz oʻrqir. Tumanning adir qismida jar koʻp. Tuman hududi Sirdaryo tomon qiya. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —2,5°, iyulniki 28,5°. Yiliga 227 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 220 kun. Tumanning janubida shamol koʻp boʻladi (qarang Bekobod shamoli). Janubi-sharqdan shimoli-sharqqa tomon Sirdaryo oqib oʻtadi. Sirdaryo sohilida qoldiq koʻllar (Qolgansir, Katta Qolgansir, Yangikoʻl, Haybatkoʻl, Qozon, Shoʻrkoʻl) bor. Dalvarzin (oʻng va soʻl tarmoqlari bilan), Jivali, Oʻrtoqli, Doʻstlik kanallari va Xasyoz arigʻi oqib oʻtadi. Tuprogʻi oʻtloqi va oʻtloqi-botqoq, oqish boʻz tuproq. Botqoq, shoʻr bosgan va eroziyaga uchragan yerlar ham bor. Bekobod tumanida miya, yantoq, qamish, koʻgʻa, yulgʻun, qiyoq kabi oʻsimliklar oʻsadi. Chiyaboʻri, toʻqay mushugi, boʻrsiq, qoʻshoyoq, koʻrsichqon, kaltakesak va ilonlar, qushlardan oʻrdak, loyxoʻrak, qirgʻovul, soʻfitoʻrgʻay, chumchuq va boshqa yashaydi.[1]

Bekobod tumani
Бекабадский район
tuman
Tarkibida Toshkent viloyati
Maʼmuriy markazi Zafar
Rasmiy tillar Oʻzbek
Soat mintaqasi UTC+5

Aholisi, asosan oʻzbeklar, shuningdek tatar, tojik va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km² ga oʻrtacha 160 kishi toʻgʻri ksladi. Shaharliklar 8,1 ming kishi, qishloq aholisi 119,6 ming kishi (2000).

Xoʻjaligi. Tuman hududida Farhod GES, Sirdaryo GRES, Dalvarzin paxta tozalash zavodi, kanop tayyorlash punkti joylashgan. Bekobod tumanida paxtachilik yetakchi oʻrinda. Bogʻdorchilik, pillachilik, polizchilik, sabzavotchilik bilan shugʻullaniladi. Tumanda 2 qoʻshma korxona, 26 kichik korxona va 2 kooperativ korxona mavjud. Bulardan eng muhimlari: “Niyoz”, “Yulduz”, “M. Yoʻlchiyev”, “Feruza” va boshqa Bekobod tumanida sugʻoriladigan yerlar 37,9 ming ga, shu jumladan 19 ming ga yerga paxta, 300 ga yerga sabzavot, 4,2 ming ga yerga sholi ekiladi. Adirlarda bahori va kuzgi arpa, bugʻdoy, sugʻoriladigan yerlarda sholi ekiladi. Bekobod tumanida 12 jamoa xoʻjaligi, 1 xoʻjaliklararo korxona, 2 shirkat xoʻjaligi, 330 fermer xoʻjaligi va boshqa xoʻjaliklar bor (2000). Chorvachilik bilan ham shugʻullaniladi. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 34486 qoramol, 14712 qoʻy va echki, 179600 parranda bor (2000). Tumanning janubidan Fargʻona vodiysiga boradigan temir yoʻl, Toshkent—Boʻka—Bekobod avtomobil yoʻli oʻtgan. 1999/2000 oʻquv yilida 62 umumiy taʼlim maktabida 31,5 ming oʻquvchi taʼlim oldi. 50 ommaviy kutubxona, 18 klub, 10 kinoqurilma, 26 madaniyat uyi, 435 oʻrinli 3 kasalxona va dispanser, 27 tibbiyot punkti boʻlib, ularda 191 vrach, 1201 oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1931-yildan “Bekobod ovozi” tuman gazetasi chiqadi (adadi 1200).

. . . Bekobod tumani . . .

  1. Bekobod tumaniOʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan.

Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib,Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin.

Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak.

. . . Bekobod tumani . . .

This article is issued from web site Wikipedia. The original article may be a bit shortened or modified. Some links may have been modified. The text is licensed under “Creative Commons – Attribution – Sharealike” [1] and some of the text can also be licensed under the terms of the “GNU Free Documentation License” [2]. Additional terms may apply for the media files. By using this site, you agree to our Legal pages . Web links: [1] [2]

. . . Bekobod tumani . . .

Previous post Atmosfera
Next post Darvishbek Rahmonov